Oʻzbekistonda 1-mart holatiga koʻra, 72,524 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritgan. Mamlakatda qattiq karantin choralari joriy etilishni boshlagach, ularning 16,670 tasi vaqtinchalik oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Oʻzbekistonda 1-mart holatiga koʻra, 72,524 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritgan.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi maʼlumotlariga qaraganda, faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan korxonalarning 20,3 foizi tekstil sohasiga tegishli, qurilish materillarini ishlab chiqarish sohasida ham xuddi shunday koʻrsatkich qayd etilgan, oziq-ovqat mahsulotlari — 18,6 foiz, charm, yogʻoch va mebel — 10,5 foiz, metallurgiya — 6 foiz, mashinasozlik — 2,6 foiz, elektrotexnika — 1,4 foiz, yoqilgʻi-energetika sohasi — 0,5 foiz va boshqa sohalar 19,8 foizni tashkil etgan.

Mazkur korxonalar faoliyati quyidagi sabablarga koʻra toʻxtab qolgan: 4754 tasi (28,5 foizi) xodimlarga nisbatan karantin talablari sabab, 3722 tasi (22,3 foizi) transport harakatiga oʻrnatilgan cheklovlar natijasida, 2342 tasi (14 foizi) mahsulotga boʻlgan talabning tushib ketishi oqibatida, 1400 tasi (8,4 foiz) xom ashyo yetkazib berishdagi uzilishlar, 84 tasi (0,5 foiz) Oʻzbekistonga kela olmagan xorijlik mutaxassislar va 4368 tasi (26,2 foizi) boshqa sabablarga koʻra yopilgan.

Hududlar kesimida faoliyati toʻxtab qolgan korxonalarning eng koʻpi Toshkent (4455), Namangan viloyati (2847), Toshkent viloyati (2283) va Andijon viloyati (2048) hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Eng past koʻrsatkich Qoraqalpogʻistonda kuzatilgan — 37.

1-iyul holatiga koʻra, 16 657 ta korxona, yaʼni ularning qariyb 100 foizi toʻliq qayta ochilishga muvaffaq boʻlgan va 137,5 ming xodim oʻz ishiga qaytgan.

Aprel oyida ushbu 16,657 ta korxona umumiy qiymati 893 milliard soʻmga teng mahsulot ishlab chiqargan boʻlsa, may oyida ushbu koʻrsatkich 1,4 trillion soʻmni, iyunda esa 1,8 trillion soʻmni tashkil etgan.