239 nafar olim Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga koronavirus bo‘yicha bergan tavsiyalarini qayta ko‘rib chiqishini iltimos qilib maktub yo‘llashdi. 

Foto: RIA Novosti

“The New York Times” nashrining xabar berishicha, ular virusning havoda qoluvchi mayda zarrachalar orqali yuqishi ahamiyatli ekanini tan olishga chaqirishgan.

Ta’kidlanishicha, JSSTda koronavirus aksariyat yo‘tal yoki aksirish vaqtida atrofga chiqadigan yirik tomchilar orqali tarqaladi, deb hisoblanadi. Bu tomchilar yetarlicha tez yerga cho‘kadi.

Biroq maktub mualliflarining fikricha, havoda ko‘proq vaqt qoluvchi mayda tomchilar ham xavfli hisoblanadi. Shu sababli olimlar koronavirus tarqalishini minimallashtirish uchun JSSTni o‘z tavsiyalarini o‘zgartirishga chaqirishmoqda.

Qayd etilishicha, agar koronavirusning bunday yo‘l bilan yuqishi uning tarqalishidagi ahamiyatli omil deb tan olinsa, unda JSST tavsiyalarini qayta qo‘rib chiqish kerak bo‘ladi.

Jumladan, xonalarni shamollatishga yondashuvni qayta ko‘rib chiqish, xonalarda niqoblarni taqishni majburiy qilish, shifokorlarga esa mayda tomchilarni ushlab qoluvchi N95 respiratorlarini qo‘llash kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 11,4 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 533 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.