Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston muxtor tumanidagi chorvadorda qora o‘lat qayd etildi. Bu haqda tumanda joylashgan Bayan-Nur shahri Sog‘liqni saqlash komissiyasiga tayanib “Sinszinbao” nashri ma’lum qilgan. 

Foto: Google

Ta’kidlanishicha, hozirda bemor mahalliy shifoxonada yakkalangan, uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.  

Shu munosabat bilan hududda biologik xavflilikning uchinchi darajasi e’lon qilingan va u 2020-yil oxirigacha amal qiladi.

“Shaharda qora o‘lat tarqalishi xavfi mavjud. Aholi shaxsiy himoya qoidalariga rioya qilishi va kasallik haqidagi xabardorligini oshirishi lozim. Epidemik xavfli hayvonlarga, birinchi navbatda sug‘urlarga ov qilish taqiqlanadi. O‘lik yoki kasal hayvonlar aniqlanganda bu haqida darhol hokimiyat idoralariga xabar qilish lozim”, – deyilgan xabarda.

Shuningdek, tana harorati yuqori bo‘lgan va kasallikning boshqa alomatlari kuzatilgan odamlarga o‘z haqlarida shifokorlarga xabar qilish belgilab qo‘yilgan. 

Bundan avvalroq qora o‘latga chalinish holatlari Mo‘g‘uliston g‘arbida qayd etilgan. Bu yerda ushbu kasallikka ikki kishi chalingan. Mahalliy hokimiyat xavotirga o‘rin yo‘qligini aytgan. Kasallik Mo‘g‘ulistonda taomga ishlatiladigan sug‘urlar orqali yoki ular nimtalaganda, kasallangan burga chaqqanda yoki hayvon tishlaganda yuqishi mumkin. 

Kasallikning o‘ziga xos xususiyati limfa tugunlarining og‘riqli yallig‘lanishi hisoblanib, buning ortida g‘urralarga o‘xshash bezlar hosil bo‘ladi. Kasallikning inkubatsion davri 2-6 kunni tashkil qiladi. Agar qora o‘lat davomida zotiljam rivojlansa, u havo-tomchi yo‘li bilan ham yuqishi mumkin.

XIX asr oxirigacha qora o‘latdan o‘lim darajasi 95 foizgachani tashkil qilgan. Hozirda kasallikni o‘z vaqtida davolash boshlansa, uni antibiotiklar yordamida nisbatan yengil yengish mumkin.