Hindistondagi mashhur Toj Mahal majmuasi koronavirus pandemiyasi sababli yopilgandan 3 oy oʻtib, 6-iyuldan yana tashriflar uchun ochiladi.

Foto: RG

Shuningdek, Nyu-Dehlidagi Qizil Fortga ham tashrif buyurish mumkin boʻladi. 

Majmuaga kirishni istovchilar niqobda boʻlishi, 2 metrlik ijtimoiy masofaga rioya qilishi va marmar sirtlarga qoʻllari bilan tegmasliklari kerak.

Ayni vaqtda Hindistonda xalqaro aviaqatnov toʻxtatilgan, ammo ichki aviaqatnovlarga ruxsat berilgan va bu mahalliy sayyohlar ommabop obyektlarga tashrif buyurishiga xizmat qilishiga ishonishmoqda.

Toj Mahalga kuniga 5 ming sayyoh kiritiladi. Ular ertalabki va kunduzgi qismga boʻlinadi. Bu ikki qism orasida majmuani dezinfeksiyalash va sanitar ishlov berish uchun tanaffus koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash joiz, pandemiyadan oldin majmuaga kuniga 80 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Obidalar ochilishi Hindistonda koronavirusga chalinish holatlari keskin koʻpaygan vaqtda yuz bermoqda. 5-iyulda Hindiston Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatda rekord darajada sutkalik kasallanish qayd qilinganini maʼlum qilgan.

Soʻnggi sutkada mamlakatda 24 mingdan koʻproq yangi kasallanish holati qayd qilingan boʻlib, umumiy kasallanganlar soni 673 mingdan oshdi.