“Barselona”ning argentinalik hujumchisi Lionel Messi prezident Jozep Bartomeudan noroziligi tufayli klub bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi. Bu haqda “Goal” xabar berdi.

Foto: AP Photo / Manu Fernandez

Manbaga ko‘ra, futbolchi jamoani tark etish niyati yo‘q. Shartnomani uzaytirishdan bosh tortish orqali klub prezidentiga ishonchsizligini namoyish etmoqchi.

3-iyul kuni Messining klubdagi muhitdan charchaganligi oshkor bo‘ldi. Uning “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2021-yil nihoyasiga yetadi.

4-iyuldagi xabarga ko‘ra, Messi kataloniyaliklar safini tark etadigan bo‘lsa, “Manchester Siti”ga o‘tishi mumkin.

Lionel 2004-yidan beri “Barselona” sharafini himoya qilib kelmoqda. Jamoa bilan birga 10 marta Ispaniya chempioni, 6 marta Ispaniya kubogi sohibi va 4 marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Bundan tashqari, Messi 6 marta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.