Italiyada COVID-19 pandemiyasi tufayli tugʻilishlar soni keskin pasayishi mumkin, deyiladi Milliy statistika instituti (Istat)ning yillik hisobotida.

Foto: Insider

Taʼkidlanishicha, COVID-19’dan keyingi davrda ham tugʻilishlar koʻrsatkichining keskin pasayishi yana-da tezlashishi mumkin.

“Pandemiya bilan bogʻliq boʻlgan noaniqlik va qoʻrquv muhiti hisobga olingan soʻnggi tadqiqotlar uning yaqin kelajakdagi birinchi oqibatlarini koʻrsatmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Unga koʻra, aholi farzandli boʻlishni istamoqda, ammo iqtisodiy sabablar bois buni oʻzlariga ravo koʻrishmayapti.

Istat hisob-kitoblariga koʻra, koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil yangi tugʻilgan chaqaloqlar soni 10 mingga kamayib, 426 mingni tashkil etadi. 2021-yilda esa tugʻilishlar soni 396 minggacha qisqarishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda Italiyada tugʻilish darajasi tarixiy minimal darajaga yetgan va atigi 435 ming chaqaloqni tashkil etgan. Bolalarning qariyb 20 foizi xorijiy onalar tomonidan dunyoga keltirilgan.

Aytish joizki, yuqoridagi koʻrsatkich 1861-yilda yagona Italiya davlati paydo boʻlganidan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir.

Italiya aholisining kamayishi esa ketma-ket oʻn yil davomida kuzatilmoqda.