Foto: Kun.uz

Qarorga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati bilan xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim sohalarida oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlari shakllantiriladi.

OTMlarda pedagog kadrlar asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik bo‘yicha tayyorlanadi

Oliy ta’lim muassasalarining takliflari asosida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida mazmun jihatidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Talabalarga pedagogik amaliyot davrida dars berish uchun sharoit yaratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda pedagogik amaliyot davrida talabalarga dars berishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi. 

5 ta universitet huzurida Pedagogika instituti tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan respublikadagi 5 ta universitet qoshida Pedagogika institutlari tashkil etildi. 

Jumladan, hududlarda pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, ta’lim sohasi uchun mutaxassis tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish maqsadida quyidagi pedagogika institutlari tashkil etildi:

– Samarqand davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti;

– Andijon davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti;

– Buxoro davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti;

– Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali va Termiz davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining  bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti;

– Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali va Qarshi davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti. 

Qo‘qon va Chirchiq davlat pedagogika institutlari faoliyati takomillashtiriladi

Uch oy muddatda Qo‘qon davlat pedagogika instituti va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarorlari qabul qilinadi.

TDPUga pedagogika bo‘yicha ilmiy unvonlar berish huquqi berildi

Toshkent davlat pedagogika universitetiga muntazam ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan, yuqori malakali, tegishli sohada chuqur kasbiy bilim va yutuqlarga erishgan xodimlarga pedagogika va o‘qitish metodikasi ixtisosliklari bo‘yicha dotsent va professor ilmiy unvonlari berish huquqi berildi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab pedagogika ta’lim sohasining oltita ta’lim yo‘nalishida o‘qish muddati uch yil etib belgilandi

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kadrlar tayyorlash o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladigan pedagogik ta’lim sohasining 6 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi. Bular:

– Musiqa ta’limi;
– Jismoniy madaniyat;
– Texnologik ta’lim;
– Chaqiriqqacha harbiy ta’lim;
– Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi;
– Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport.

Bunda Prezident qarori bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining pedagogik ta’lim sohasining ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim dasturlari doirasida amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Yangi o‘quv yilidan TDPU kredit-modul tizimiga o‘tadi

Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘quv jarayoni o‘quv reja va dasturlar takomillashtirilgan holda ta’limning kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

2020/2021 o‘quv yilidan abituriyentlar pedagogika sohasining tegishli ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birga majburiy uchta fandan test sinovlarini topshiradi 

Pedagogik faoliyatda umumta’lim fanlari muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda alohida iqtidor talab etiladigan pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovlari topshirish tartibi joriy qilindi. 

Bunda, qoida tariqasida, majburiy uchta fan bo‘yicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari e’lon qilinganidan so‘ng o‘tkaziladi.