Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

So‘ngi ma’lumotlarga qaraganda, jahonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 82 ming nafardan oshdi, shundan 2 800 dan ortiq o‘lim holati ro‘yxatga olindi. Hozirgacha Xitoydan tashqari ushbu infeksiya 37 ta davlatda aniqlandi. Dunyoda epidemik vaziyat kun sayin o‘zgarib, kasallik shiddat bilan boshqa davlatlarga ham tez tarqalmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov rahbarligida o‘tkazilgan mazkur video selektorda dunyodagi ana shunday murakkab epidemik vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan chora tadbirlar, jumladan, Prezidentimizning shu yil 29 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoyishida ko‘zda tutilgan vazifalar tahlil qilindi. Koronavirus infeksiyasini oldini olish bo‘yicha profilaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari bo‘yicha mavjud masala va amalga oshirilishi dolzarb bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID – 19 infeksiyasini kirib kelishini oldini olish maqsadida, davlat chegaralarida 53 ta sanitariya – karantin punktlari (SKP) xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu SKPlarida boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya – epidemiologiya xizmati mas’ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test – sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zahirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya – epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, shu yilning 15 yanvaridan – 26 fevraligacha bo‘lgan muddatda Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan 5 022 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri yakunlangan. Hozirgacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etilmagan.

Ammo bundan xotirjam bo‘lishga asos yo’q, deyildi selektorda. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarda tashkil qilingan sanitariya – karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy – patronaj xizmatini yanada yaxshilash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Ayniqsa, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to‘liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar yana bir bor qat’iy ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanganda, ularni barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga, shuningdek, kasallikning tarqalishini oldini olish va izolyasiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori bo‘lgan bemorlarni uyida tibbiy yordam ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlab o‘tildi.