Hindistonning Karnataka shtati hukumati jasadlari vahshiylarcha o‘raga tashlab yuborilgan koronavirus qurbonlarining qarindoshlaridan kechirim so‘radi.

Foto: Google

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan videoda maxsus himoya kiyimidagi xodimlar qora qoplarga solingan jasadlarni chuqur o‘raga uloqtirishayotgani tasvirlangan. Shu tariqa sakkizta jasad bitta o‘raga tashlangan.

Bo‘lib o‘tgan voqealardan afsusdaligini bildirgan hukumat vakillaridan biri yuqoridagi sanitariya xodimlarining hammasi vazifasidan bo‘shatilib, o‘rniga munosib insonlar ishga olinganini ma’lum qilgan.

Pandemiya davrida Karnataka shtatida koronavirus qurbonlari soni 246 nafarga yetgan. Hindiston esa ayni paytda jahondagi to‘rtinchi koronavirus o‘chog‘i bo‘lib turibdi.

Worldometers ma’lumotlariga ko’ra, hozirga kelib ushbu mamlakatda kasallik yuqtirib olish holatlari soni 627,168 nafarni, qurbonlar esa 18,225 kishini tashkil etmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 10,6 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 515 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.