Indoneziya koronavirusga qarshi vaksina rivojlanayotgan davlatlarga yetib bormasligidan xavotirda. Shuning uchun o‘z vaksinasini yaratish ustida ishlamoqda, deya xabar berdi “Jakarta Post” gazetasi.

Foto: Google

“Bizga ma’lumki, dunyodagi biotexnologik kompaniyalarning ishlab chiqarish quvvati cheklangan. Ustiga-ustak, global yetkazib berish kanallari ham muammolarga duch kelmoqda”, — dedi tadqiqot va texnologiyalar vazirligi qoshidagi ishlab chiqaruvchilar guruhi rahbari Ali Gufron Mukti.

U “Indoneziyada va Indoneziya uchun” vaksinasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Koronavirusga qarshi Indoneziya vaksinasini ishlab chiqish 2021-yil boshlarida nihoyasiga yetkazish va yilning ikkinchi yarmida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Payshanba kuni Indoneziyada bir kunda 1624 kishida koronavirus aniqlangani, bu rekord ko‘rsatkich ekanligi xabar berilgandi. Mamlakatda jami 59 394 kishi kasallikka chalingan bo‘lib, ulardan 2987 nafari vafot etgan. 26 667 kishi tuzalgan.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 10,6 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 515 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.