Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Mag‘zum Mirzag‘aliyev O‘zbekiston bilan suv munosabatlari sohasidagi muhim hujjat tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Foto: Sputnik

Avvalroq, Qozog‘iston Ekologiya vaziri va Turkiston viloyat hokimi suv masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga kelgani haqida xabar qilgan edik.

“Toshkentga ish safari chog‘ida biz O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev bilan ikki mamlakat o‘rtasida suv sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasini imzoladik”, – deb yozdi M. Mirzagaliyev Twitter sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning imzolanishiga “idoralar o‘rtasidagi uzoq va uzluksiz muzokaralar” asos bo‘lgan.

“Hujjat juda muhim. Bir qator suv muammolarini tartibga soladi. Xususan, 1991 yildan beri qurilgan va rekonstruksiya qilingan suv havzalarini birgalikda texnik tadqiq qilish va monitoring qilish; yuqori suv omborlaridan qo‘shimcha suv oqishini ta’minlash bo‘yicha birlashgan chora-tadbirlar ko‘rish ko‘zlanadi”, – dedi vazir.

“Yo‘l xaritasidagi yana bir muhim jihat shundaki, suv resurslarini taqsimlashda shaffoflik bo‘ladi”, – dedi M. Mirzag‘aliyev.

U, shuningdek, O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar davom etayotganini va “kun tartibida yana bir qancha strategik masalalar borligini” ta’kidlab o‘tgan.