“O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “To‘maris” konida yillik quvvati 500,0 mln m³ bo‘lgan gazni dastlab tozalash qurilmasi qurilish ishlari yakunlandi hamda qurilma ishga qo‘shildi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “O`zbekneftgaz” axborot xizmati

“To‘maris” gazni dastlabki tozalash qurilmasi “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda zarur bo‘lgan apparat va uskunalar bilan qurildi.

Gazni dastlabki tozalash qurilmasining ishga tushirilishi natijasida, “To‘maris” konidagi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexanik birikmalar, kondensat va texnik suyuqlikni ajratib olish imkoni yaratildi.

Bundan tashqari qurilma ishga qo‘shilgandan so‘ng, “To‘maris”-“Savatli”-“Doyaxotin” tabiiy gaz quvurlaridagi gidravlik qarshilik va bosimlar farqi kamayishi hisobiga qo‘shimcha kunlik 150,0 ming m³ tabiiy gaz qazib olishga erishildi.

Ushbu gazni dastlabki tozalash qurilmasi qurilishi konlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexnik aralashmalar, suyuqlik va kondensatni ajratib olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, birlamchi tozalangan tabiiy gazni “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasigacha yetkazish maqsadida, qurilgan diametri Ø-325×10 mm, uzunligi 44,0 km. bo‘lgan gaz quvurlarida suyuqliklar yig‘ilishini oldini olish, quvurdan tabiiy gazni o‘tkazuvchanlik samaradorligini oshirish uchun ham ishlatiladi.

Ma’lumot uchun, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “To‘maris” koni Buxoro viloyati Romitan tumani hududida joylashgan bo‘lib, 2019-yilda foydalanishga topshirilgan.