Avvalroq, Yangiyo‘llik fuqaro dahshatli qiynoqdan keyin vafot etgani haqida norasmiy xabarlar tarqalgan edi.

tayinlov iiv ichki ishlar
Foto: IIV matbuot xizmati

IIV Jazoni ijro etish boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, videotasvirda aks etgan murda 1975-yilda tug‘ilgan fuqaro Xidirov Farruh Anvarovich.

Aniqlanishicha, mahkum Xidirov F.A. 27.11.1975-yilda Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, oilasiz, vaqtincha ishsiz, muqaddam 4 marotaba sudlangan. Qamalgunga qadar: Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Bahor MFY, Navro‘z ko‘chasi, 2-uyda istiqomat qilgan.

18.10.2010-yilda Yangiyo‘l shahar sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 273m 5q, 164m 2q “a” bandi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. O‘zbekiston Respublikasi JKning 34 moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Joriy yilning 5-iyundan buyon bir qator ichki kasalliklari tufayli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli kasalxonada davolanib kelgan.

Davolanishiga qaramasdan 2020-yil 18-iyun kuni soat 05:45 larda, kasalxonaning terapiya bo‘linmasida “O‘pka sili IV klinik bosqichi (limfa tugunlari tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma’lum etiologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vazni kelganga nisbatan 10 foizdan ortiq kamayishi, diareya” tashxisiga ko‘ra vafot etgan. Murda prokuratura organlari tomonidan tekshirilgan, tan jarohatlari aniqlanmagan, holat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu video tasvirda ko‘rinayotgan qizarishlar bu murda dog‘i bo‘lib, tan-jarohatlariga aloqasi yo‘q.

Mahkum F.A. Xidirov kasallik tashxisi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV va SSVning hamkorlikdagi 2008-yil 13-avgust kunidagi 1854-sonli Qarorida ko‘rsatilgan kasalliklar ro‘yxatiga to‘g‘ri kelganligi sababli sud muddatini kutayotgan bo‘lgan.

IIV qo’shimcha qilishicha, ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.