Telegramdagi Mikrofon ko‘targan ayol kanalida yozilishicha Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirusdan vafot etgan shifokorning xonadoniga tashrif buyurib, marhumning yaqinlaridan ko‘ngil so‘ragan.

Foto: Xabar.uz

“Hozirgina Shahnoza Hasanova qo‘ng‘iroq qilib, xonadoniga Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kelganini aytdi. Vazir oila a’zolaridan samimiy ko‘ngil so‘rab, bu shifokorlar jamoasi uchun ham og‘ir judolik bo‘lganini bildirgan.

Sh. Hasanova sog‘liqni saqlash tizimi uning iztiroblarini to‘g‘ri tushungani uchun minnatdor. Oila boquvchisini yo‘qotgani, xizmat faoliyati davomida COVID-19 infeksiyasiga chalinib vafot etgani inobatga olinib qonuniy barcha kompensatsiyalar qoplanishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, Sh. Hasanova u bilan birga hamdard bo‘lgan, murojaatiga befarq bo‘lmagan barcha jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va blogerlarga o‘z rahmatini aytdi”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o’tamiz, avvalroq, 28-iyun kuni Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori koronavirusdan vafot etganligi haqida xabar qilingan edi.