Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 29-iyun, dushanba kuni Milliy shifoxona urologiya bo‘limiga keltirilgan ikki nafar bemor kasalxona binosiga kirishga ham ulgurmay vafot etdi. Bu haqda Zakon nashri ma’lum qildi.

Foto: Kloop

Shifoxonaning ushbu bo‘limiga koronavirusga chalingan bemorlar ham yotqizilmoqda.

Shifokorlarning aytishicha, bemorlar juda og‘ir ahvolda keltirilgan, ularni hatto tekshirish va shaxsini aniqlashga ham ulgurishmagan.

Vrachlar jonlantirish ishlariga ko‘chaning o‘zida urinib ko‘rishgan, biroq bemorlar hayotini saqlab qolisha olmagan. Shundan so‘ng o‘lim holatini qayd etish uchun, militsiya xodimlarini chaqirishgan.

So‘nggi olingan ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirusga chalinish holatlari soni 5735 taga yetdi, 62 nafar bemor vafot etgan.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 10,4 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 509 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.