AQSh oziq-ovqat mahsulotlari va dorilar sifati nazorati boshqarmasi (FDA) koronavirusga qarshi to‘rt xil vaksinaning klinik sinovlariga ruxsat berdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Foto: Lenta

Yana olti xil vaksina sinovlarni boshlash uchun o‘z tasdig‘ini kutmoqda, deyiladi xabarda.

Qo‘shma Shtatlarda may oyida sog‘liqni saqlash vazirligi va Pentagon hamkorligida “Warp Speed” loyihasi ishga tushgan bo‘lib, 2021-yilning yanvariga qadar COVID-19’ga qarshi 300 mln. doza vaksina ishlab chiqarishmoqchi.

Ta’kidlash kerakki, AQShda iyun oyida ommaviy namoyishlar hamda pandemiya bo‘yicha cheklovlar yumshatilishi ortidan virusni yuqtirish holatlari keskin oshib ketgan.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 2,6 millionga yetgan, qurbonlar soni 126 ming nafardan oshgan.

Avvalroq, Yaponiya ham insonlarda koronavirus vaksinasini birinchi klinik sinovini boshlagani haqida xabar qilingan edi.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 10,4 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 509 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.