Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Janubiy Koreyaning Seul shahridan Toshkentga uchgan samolyot bortida 1996 – yilda tug‘ilgan, Qirg‘iziston fuqarosi B.T.ning salomatligi yomonlashganligi, unda insult alomatlari aniqlanganligi sababli samolyot 20:55 da Seul aeroportiga qaytarilgan.

Seul aeroportida bemor va uning farzandi hamda bir nafar fuqaro tushirib qoldirilib, B.T.dan koronavirus infeksiyasiga laborator tahlillar olingan.

Shundan so‘ng samolyot Toshkent vaqti bilan soat 22:59 da Seuldan Toshkentga 232 nafar yo‘lovchi, 12 nafar ekipaj a’zosi bilan jami 244 nafar fuqaro uchgan va 27 – fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:58 da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan.

Koronovirusning O‘zbekistonda tarqalishining oldini olish maqsadida Seuldan kelgan yo‘lovchilar Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Seul shahrida qolgan Qirg‘iziston fuqarosi B.T.dan koronavirus infeksiyasiga olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra unda koronavirus alomatlari aniqlanmagan, deyiladi xabarda.