Qoraqalpag‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida yashovchi, 62 yoshli B.Ya. (erkak) joriy yil 10-iyun kuni Qozog‘istondan kelganligi sababli Karantin markaziga joylashtirilgan. 15-iyun kuni esa hamroh kasalliklari tufayli Yakkasaroy tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Foto: SSV axborot xizmati

Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, bemorda 19-iyun kuni koronavirus aniqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan hamda o‘tgan kunlar davomida reanimatsiya bo‘limida bo‘lgan.

Unga yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak, buyrak, jigar yetishmovchiligi kabi qator kasalliklar bo‘yicha tashxis qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, bemor bundan avval, oxirgi 5 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak va jigar yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli yetakchi shifokorlar, shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘pka va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.