Yerga diametri 10 km kattalikdagi asteroidning qulashini yaqin 35 million yilda kutmasak ham bo‘ladi, deya taxmin qildi Rossiya astronomiya institutining Quyosh tizimi bo‘limi aspiranti Yekaterina Yefremova RIA novostiga bergan intervyusida.

Foto: Scribd

“Yerga diametri 10 km.dan yuqori bo‘lgan jism har 100 million yilda bir marta tushadi. Bizga ma’lumki, bundan 65 million yil oldin xuddi shunday kattalikdagi asteroid Yerga qulagan va dinozavrlarning qirilib ketishiga sababchi bo‘lgan. Demak, statistika bo‘yicha, biz bunday kattalikdagi koinot jismini yana 35 million yil kutmasak ham bo‘ladi”, – deya taxmin qildi u.

Uning ta’kidlashicha, Yerga diametri 1 km.dan katta bo‘lgan jism har 600 ming yilda bir marta, 100 metrligi har 5 ming yilda bir marta tushishi mumkin. “Diametri 30 metrlik jism, masalan, Chelyabinsk meteoriti 250 yilda bir marta sayyoramiz oldidan uchib o‘tadi”, – deb qo‘shimcha qildi.

Bugun butun dunyoda asteroidlar kuni nishonlanmoqda. Ushbu kun BMT tomonidan 2016-yilda, ya’ni 1908-yil 30-iyunda ro‘y bergan Tungus voqeasining nishonlanishi munosabati bilan tasdiqlangan.