Chet el razvedkasi va hukumatga qarshi harakatlar bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilinayotgan “Amad News” yangiliklar portali rahbari Ruxolla Zam o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Eron Oliy sudi vakili G‘ulom Husayn Ismoiliy ma’lum qilgan.

Foto: RIA Novosti

“U o‘limga hukm qilindi”, — deya uning so‘zlarini keltirgan ‘Tasnim” agentligi. Ismoiliyning qo‘shimcha qilishicha, qaror yakuniy emas, bundan chiqdi, sud hukmidan norozi tomon shikoyat arizasini topshirishi mumkin.

14-oktabr kuni IRNA agentligi Zamning Islomiy inqilobiy muhofizlari korpusi tomonidan qo‘lga olinganligi to‘g‘risidagi xabarni chop etgandi. U hukumatga qarshi harakat hamda Fransiya, AQSh va Isroil razvedkalari bilan hamkorlik qilishda ayblanyapti. Keyinchalik Eron OAV «Amad News» portali rahbari hibsga olingandan keyin tasvirga olingan videolarni keng ommaga taqdim etdi.

Zam o‘z faoliyatini xorijiy davlatlarda olib boruvchi eronlik jurnalist sifatida tanilgan. Fransiya uning doimiy yashash joyi hisoblangan. U 2017-2018-yillarda Eronda norozilik namoyishlarini yoritishda, ayniqsa, faol bo‘lgan.