Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari hamon qayd etilib, boshqa hududlarga qaraganda yuqori bo‘lib turibdi. Bu esa karantin cheklovlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Avval xabar qilganimizdek, 28-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 29-iyun kuni esa 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.

Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshganini ko‘rish mumkin.

Jumladan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yashovchi Sh.G‘.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim ta’mirlash ustaxonasi egasi U.U.da, “Megaplanet” savdo majmuasidagi “Sofiya” shirinlik do‘koni ishchisi D.T.da, Sergeli tumanidagi “ENTER Engineering” kompaniyasi hisobchisi N.M.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Respublika o‘smirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh.Sh.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) kasallik aniqlangan.

Shunigdek, Toshkent shahridagi “Kristal” savdo markazi kiyim-kechak do‘koni sotuvchisi U.R.da (Qozog‘istonga ketayotganligi uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi U.B.da (Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), “Abu Saxiy” savdo markazi xodimi S.Q.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli murojaat qilgan), “Toshkent city” qurilish obyekti oshpazi M.M. da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) ham koronavirus qayd etilgan.