Foto: Google

Pandemiya sababli mamlakatlar o‘rtasida aviaqatnovlarning vaqtincha to‘xtatilishi oqibatida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan ko‘plab fuqarolar ish joyiga qaytib keta olmayotgan edi.

Foto: Google

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borilgan o‘zaro muzokaralar natijasida mehnat ta’tiliga kelgan ana shunday fuqarolardan navbatdagi guruhi – 29 nafari tashkillashtirilgan holda Koreya Respublikasidagi o‘z ish joylariga charter reys orqali jo‘nab ketdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, pandemiya davrida Koreya Respublikasiga kirib borishga ruxsat olish uchun rozilik bitimini to‘ldirishdan oldin ish beruvchi bilan karantinda saqlash joyini aniqlashtirish (ish beruvchi xabarsiz qolmasligi kerak) hamda haqqoniy ma’lumotlarni rozilik bitimiga kiritish, karantin joyi korxona joylashgan hududda (shaharda) ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Ish beruvchining mehnat migrantini chaqirish haqidagi yozma rozilik xati qo‘llab-quvvatlanadi.

Noto‘g‘ri berilgan ma’lumotlar fuqaroning Koreya Respublikasiga kirib borolmasligiga hamda ushbu mamlakat hududiga kirish uchun taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tmiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ushbu xizmatlari bepul amalga oshirilmoqda.

Firibgarlik yoki ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida biror noqonuniy xatti-harakatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga (71) 202 33 55 (ichki raqam 11) telefon raqami orqali xabar berishingiz so‘raladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati ruxsatiga ega bo‘lmagan 8 nafar fuqaro (D. Usmanov, B. Mahmudov, M. Umarov, M. Barotov, T. Haitov, B. Latifov, A. Azimov, M. Ziyatov) aviachipta sotib olgan, oqibatda aviakompaniya ularga parvoz bortiga kirishga ruxsat bermagan.

Natijada fuqarolarning ushbu harakatlari ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarga sabab bo‘lgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda Koreya Respublikasidan ta’tilga kelgan fuqarolarni navbati bilan o‘z ish joylariga qaytarish borasidagi ishlarini davom ettiradi, deyiladi agentlik bergan xabarida.