Avval xabar qilganimizde, epidemiologik vaziyat yomonlashganini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasi tegishli qarorlarni qabul qildi.

Foto: “O‘zbekneftgaz” axborot xizmati

Koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolash va karantinda saqlashni tartibga solish maqsadida bemorlar quyidagi 3 toifaga ajratilmoqda:

  • koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan) bemorlar;
  • koronavirus infeksiyasi o‘rtacha og‘ir kechayotgan (tana harorati ko‘tarilayotgan) bemorlar;
  • koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.

Shu munosabat bilan joriy yil 5-iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha tartib joriy etilmoqda:

  • kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi;
  • shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etiladi;
  • koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlarni 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibi ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.