Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi, 72 yoshli otaxon Q.R. joriy yil 20-iyun kuni koronavirusga gumon qilingan va karantin muassasasiga tibbiy kuzatuvga olingan. 22-iyun kuni esa Jizzax viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Foto: SSV axborot xizmati

Unda 25-iyun kuni koronavirus aniqlangan. Bemorga “Koronavirus infeksiyasi og‘ir kechishi, chap tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi 2-daraja” tashxisi, shuningdek, “Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet og‘ir kechishi” qo‘shimcha tashxisi ham qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya va qandli diabet tashxisi bilan davolanib yurgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

So‘nggi kunlarda nafas, yurak va o‘pka yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan hamda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.