Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, mamlakatda bir kunda aniqlangan koronavirus bilan kasallanishlar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.

Foto: RIA Novosti

“Bir kecha-kunduzda 3943 kishida koronavirus aniqlanib, umumiy kasallanganlar soni 186 436 nafarga yetdi. Pandemiya boshlangandan beri 1599 ta o‘lim holati kuzatilgan. O‘tgan bir kecha-kunduzda 2363 kishi sog‘ayib, ularning soni jami 128 ming nafarni tashkil etmoqda”, — deyiladi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Saudiya Arabistoni koronavirus bilan kasallanishlar soni bo‘yicha arab dunyosida hali ham birinchi o‘rinni egallab  turibdi. Agar Fors ko‘rfazining qolgan davlatlarida, jumladan, virusni yuqtirganlar soni bo‘yicha undan keyingi o‘rinda turuvchi qo‘shni Qatarda o‘tgan bir hafta davomida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa, Saudiya Arabistonida epidemiya avvalgidek o‘sishda davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 10,1 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 501 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.