Avvalroq, Qozog’istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumanida suv toshqini paytida bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik askar qidirilayotgani haqida xabar qilgan edik.

Foto: Voqea joyi

Kazinform xabariga ko’ra, Turkiston viloyati Maqtaaral tumanida suv toshqinida bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik askarni qidirish ishlari davom etmoqda. 20-iyun kuni boshlangan qidiruvda Turkiston viloyati va Chimkentdan kelgan qutqaruv guruhi a’zolari va kinologlar ishtirok etishmoqda, ular 120 km masofani bosib o‘tishgan.

Chimkent favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ichki va tashqi aloqalar guruhining xabariga ko‘ra, 1992-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchisini qidirish “Jenis” va “Janaturmis” qishloqlari yaqinidagi kanallar yaqinida amalga oshirilmoqda.

Qidiruvga Chimkent favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 3 qutqaruvchisi, 2 ta kinolog xodimi, 1 chegara xizmati xodimi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 3 qutqaruvchisi jalb qilingan. Qidiruv yer usti, suv yuzasi va suv osti usullari orqali amalga oshiriladi.

“Qidiruv ishlari hozirda Jetaysay tumanida davom etmoqda. Qutqaruvchilar 27-iyundan Ataqonis ovulidan Atameken ovul okrugidagi Qog‘ali ovuliga motorli qayiq yordamida borishgan. Markaziy kanalda qidiruv ishlarini olib bormoqda. Bu yerda qutqaruvchilar 48 km masofani ko‘rib chiqishgan. Biroq, natija yo‘q. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.