Eronning “Fars News”, “Khabar Farsi”, “Khabarban”, “ITNA News” va boshqa qator yetakchi axborot saytlarida O‘zbekiston – Rossiya savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligi to‘g‘risida maqolalar chop etildi.

Foto: Google

Maqolalarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Rossiyaga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat hukumati vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgani haqida ma’lumotlar keltiriladi.

“Uchrashuvlarda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb jihatlari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 21-majlisini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi”, – deyiladi manba xabarida.

Qayd etilishicha, tomonlar ikki mamlakat bozorlarida O‘zbekiston va Rossiya ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini ko‘paytirish orqali savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratgan.

“Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida savdo-sotiq sohasida o‘zaro hamkorlikning faollashishi yaqin kelajakda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini 6,6 milliard dollardan 10 milliard dollargacha oshirish imkonini beradi. 2020-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 1,5 milliard Rossiya sarmoyasini o‘zlashtirishi kutilmoqda”, – deya qayd etiladi Eron nashrlarida.