Foto: Google

Tahlillar 3 ming 884 gektar (22 789 ta holat) yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallangani, 6 ming 24 gektarida (52 292 ta holat) noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgani, 9 ming 741 gektaridan (477 holatda) samarasiz hamda 1 ming 418 gektaridan (591 holatda) maqsadsiz foydalanilgani aniqlandi.

Birgina Toshkent viloyatida 11 ming 590 holatda 1 ming 450 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangan, 9 ming 713 holatda 855 gektar yerda noqonuniy qurilish qilingan.

Bu borada huquqni qo‘llash amaliyotida aniqlangan muammolar va qonun buzilish holatlarini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi hamda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qonun loyihasiga muvofiq mamlakat iqtisodiyotining tayanchi bo‘lgan yer resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish va bunday yerlarda noqonuniy qurilgan uy – joy va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzishga oid ishlarni sudda ko‘rib chiqish tartiblari soddalashtirilmoqda.

Zotan, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan amaldagi tartib yerdan foydalanishdagi qonunbuzarliklarga ma’lum ma’noda imkon yaratmoqda.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 91-moddasiga hamda Fuqarolik prosessual kodeksining “Sud buyrug‘i” deb nomlangan 18-bobiga qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzish to‘g‘risidagi masalalar sud buyrug‘i tartibida ko‘rib chiqiladi.

Vaholanki, bu boradagi amaldagi tartibga muvofiq, bitta noqonuniy qurilmani buzdirish haqidagi hal qiluv qarori Majburiy ijro byurosiga kelib tushishi uchun o‘rtacha 80 kun muddat talab etiladi.

Bu esa, noqonuniy qurilish u boshlangan vaqtda aniqlangan taqdirda ham davom etishiga sharoit yaratmoqda, kelgusida uni qonuniy asoslarda buzish jarayonida mulkdor hamda vakolatli organlar o‘rtasida tushunmovchilik va ziddiyatni yuzaga keltirmoqda.