Xitoylik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19’ga qarshi rekombinant vaksinasi mamlakat harbiylarida qo’llash uchun tasdiqlandi, deya xabar beradi CanSino Biologics.

Foto: RIA Novosti

Ta’kidlanishicha, ushbu vaksinaning klinik sinovlarining birinchi va ikkinchi bosqichlari Xitoyda o’tkazilgan, testlardan olingan ma’lumotlar yaxshi xavfsizlik darajasini va yuqori darajadagi humoral va hujayrali immunitet reaksiyasini ko’rsatgan.

“Umumiy klinik natijalar shuni ko’rsatadiki, Ad5-nCoV vaksinasi SARS-CoV-2 koronavirusi tufayli kelib chiqadigan kasalliklarning oldini olish imkoniyatiga ega”, – deyiladi xabarda.

Kompaniya ta’kidlashicha, hozirda Ad5-nCoV vaksinasi faqat harbiylarda qo’llash bilan cheklangan, kengroq foydalanish uchun Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy Qo’mitasining tegishli bo’limidan alohida ruxsat olish kerak bo’ladi.

Xabarlarga ko’ra, Xitoyda allaqachon oltita vaksina klinik sinovlarga qabul qilingan. Xitoylik mutaxassislar epidemiyaning boshidanoq COVID-19 vaksinalarining har xil turlarini o’rganish va ishlab chiqish bilan shug’ullanmoqdalar, ammo hozirga qadar odamlarga faqat rekombinant vaksinalar va inaktivatsiya qilingan vaksinalar qabul qilinmoqda.

Kecha, Xitoy insonlarda koronavirusga qarshi vaksinani muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazgani haqida xabar qilgan edik.