Afgʻoniston janubida joylashgan Gilmend viloyatidagi chorvachilik bozorida roʻy bergan portlash oqibatida 10 kishi qurbon boʻldi, 15 kishi esa yarador boʻldi. Bu haqda RIA Novosti mahalliy manbasiga tayangan holda xabar qilmoqda.

Afg`oniston koronavirus
Foto: RIA novosti

Manbaning soʻzlariga koʻra, qoʻlbola portlovchi qurilma “Tolibon” harakat qiladigan Sangin tumanida harakatga kelgan.

Toliblar vakili Zabiulla Mujahid bomba harakatga kelganini inkor qilmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, askarlar bozorda minomyot bilan oʻqqa tutishgan. Buning natijasida bir nechta tinch aholi halok va yarador boʻlgan.

Kecha, 28-iyun kuni ham Afg’oniston janubidagi portlashda kamida olti kishi qurbon bo’lgani haqida xabar qilingan edi.

Tinchlikka erishish uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, Afg‘oniston hukumati va Tolibon harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Fevral oyi so‘nggida Qatarda o‘tkazilgan tadbirda AQSh va Tolibon o‘rtasida 18 yil davom etgan urushdan so‘ng ilk marotaba tinchlik sulhi tuzilgan edi. Unga ko‘ra, Afg‘oniston hududidan xorijiy armiyalar olib chiqib ketilishi va Afg‘onistonaro suhbat bo‘lib o‘tishi lozim edi.