Dushanba kuni Avstraliyaning birgina Viktoriya shtatida 75 kishining koronavirus yuqtirib olgani xabar qilindi. Bu Avstraliyada yangi kasallanish hollari boʻyicha 11-apreldan beri qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

Foto: RBK

Mazkur mamlakatda soʻnggi bir necha hafta ichida COVID-19’ga chalinganlarning kunlik soni 20 tadan kam boʻlayotgan edi.

Mamlakatda aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Viktoriya shtati hukumati kasallanganlar soni ortib borayotgani uchun ommaviy virus tekshiruvlarini boshladi hamda ijtimoiy masofalanish qoidasini qayta joriy qilishni koʻrib chiqmoqda.

“Qoidalarni oʻzgartirishni oʻylab koʻrishimiz kerak. Chunki, hozirgi holatda bizdan talab qilingan oʻzgarishlarni amalga oshirishimiz zarur”, – deydi Viktoriya shtatining sogʻliqni saqlash boʻyicha bosh xodimi Bret Satton.

6 milliondan ziyod odam istiqomat qiladigan Viktoriyada may oyida karantin cheklovlari bekor qilina boshlangandi. Mazkur qoidalarga koʻra, maktablar yopildi, sport musobaqalari toʻxtatildi, kafe va restoranlarning faqatgina yetkazib berish xizmatini amalga oshirishlariga ruxsat berildi. Hukumat iyul oyining soʻnggiga qadar ushbu cheklovlarning katta qismini olib tashlashga vaʼda bergandi.

Shuningdek, karantin cheklovlari tufayli Avstraliya iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetdi. Mamlakatda ishsizlar soni soʻnggi 19 yildagi eng yuqori koʻrsatkichni qayd etib, 7,1 foizga yetdi.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 10,1 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 501 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.