Afg’oniston janubidagi yo’lda bomba portlashi oqibatida kamida olti tinch fuqaro halok bo’ldi va ikki kishi yaralandi, deya xabar beradi “Pajvak” axborot agentligi rasmiylarga tayanib.

Foto: RIA novosti

Xabar qilinishicha, hodisa bugun Afg’onistonning Gilmend viloyatining Voshir tumanida bo’lgan, halok bo’lganlar orasida ayollar va bolalar ham bo’gani aytilmoqda.

Avvalroq, Afg’oniston shimolidagi Qunduz viloyatida “Tolibon” radikal harakati jangarilari tomonidan uyushtirilgan hujumda mamlakat Milliy xavfsizlik kuchlarining kamida olti a’zosi halok bo’lgani haqida ham xabar qilingan edi.

Tinchlikka erishish uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, Afg‘oniston hukumati va Tolibon harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Fevral oyi so‘nggida Qatarda o‘tkazilgan tadbirda AQSh va Tolibon o‘rtasida 18 yil davom etgan urushdan so‘ng ilk marotaba tinchlik sulhi tuzilgan edi. Unga ko‘ra, Afg‘oniston hududidan xorijiy armiyalar olib chiqib ketilishi va Afg‘onistonaro suhbat bo‘lib o‘tishi lozim edi.