AQSh razvedkasi prezident Donald Trampga Rossiya goʻyoki toliblarga Afgʻonistondagi AQSh harbiylariga hujum qilish evaziga mukofot taklif etgani haqida xabar qilmagan. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinani maʼlum qildi.

Foto: PBS

“Garchi Oq uy odatda razvedkaning gumon qilgan maʼlumotlari yoki ichki muhokamalarga izoh bermasada, Federal tergov byurosi direktori, milliy xavfsizlik maslahatchisi va shtab boshligʻi tasdiqlashlari mumkinki, na prezident, na vitse-prezident bu haqda xabardor qilingan”, – dedi u.

Keyli Makinanining soʻzlariga koʻra, Amerika razvedkasi kuniga minglarcha turli maʼlumot taqdim etadi va ular qatʼiy ravishda tahlil qilinadi.

Avvalroq New York Times gazetasi oʻz manbasiga tayangan holda Rossiya harbiy razvedkasi goʻyoki toliblar bilan bogʻliq jangarilarga Afgʻonistondagi Amerika askarlariga hujum qilish evaviga mukofot taklif etgani haqida xabar qilgan edi. Nashr hech qanday dalil keltirmagan.

Rossiya TIV amerika harbiylari buyurtma qotilligida rus harbiy razvedkasining aloqadorligi toʻgʻrisidagi mish-mishlarni feyk deb atadi.