Chernogoriya hukumati ilgari bekor qilingan koronavirus tarqalishiga qarshi karantin cheklovlarini qayta tikladi. Bu haqda Focus nashri xabar qildi.

Foto: Sputnik

Karantin cheklovlari doirasida sport mashgʻulotlari va musobaqalar, shuningdek, ochiq havoda jamoat yigʻinlarini oʻtkazish yana taqiqlandi. Dafn marosimida qabristonda faqat marhumning oila aʼzolari boʻlishiga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, mamlakat shimolidagi ikki munitsipalitetda soat 18:00 dan 05:00 gacha komendantlik soati joriy etilgan.

Chernogoriya iqtisodiyoti oʻz daromadining katta qismini Adriatik dengizi sohilidagi turizmdan oladi. Shu sababli mamlakat 25-may kuni oʻzini koronavirusdan xoli deb eʼlon qildi.

Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 10 kun avval oshishni boshlagan. Shundan buyon hukumat kasallikka chalinish boʻyicha 100 ta yangi holatni eʼlon qildi. Avvalroq kasallanganlar soni 424 kishini tashkil qilgan.

Eslatib oʻtamiz, Chernogoriyada koronavirusga chalinish boʻyicha ilk holat 17-mart kuni aniqlangandi. May oyi oxirlarida Chernogoriya koronavirusni yenggan Yevropadagi birinchi davlatga aylangan, mamlakatda koronavirusga chalingan barcha bemorlar toʻliq sogʻaygan edi.