“Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori (PQ-4760-son, 27.06.2020 y.) qabul qilindi.

Foto: Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

  • import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari majburiy tartibda sinovdan o‘tkaziladi;
  • ushbu teknika, agregat, butlovchi qismlar takomillashtirilganda hamda ularga qo‘shimcha funksiyalarni bajarish yuklatilganda takroriy sinovlarga taqdim etiladi;
  • O‘zbekiston hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestriga kiritilgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalaridan respublikada ekinlarni yetishtirishda foydalanishga ruxsat etiladi;
  • qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining agregatlari va butlovchi qismlari uchun muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan sinov uskunalari va o‘lchash vositalari bojxona bojidan ozod qilinadi.

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.