Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Videoni tasvirga olgan fuqaro patrul avtomobillari avtobuslarni kuzatib borish jarayonida yo‘lni yopib olishganligini tanqid qilgan. Videolavhadagi holatda Toshkent viloyati IIB YHXBning joriy yil 26 fevral kunidagi kuzatuvlar rejasiga asosan YPX inspektorlari maxsus patrul’ avtomobillari yordamida 450 nafar harbiy xizmatchilar bo‘lgan 20 ta avtobusni belgilangan manzilga kuzatib ketishayotganligi aks ettirilgan.

Bu o‘rinda shuni aytish lozimki, amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 6 – bobi (Maxsus transport vositalarining imtiyozlari)ning 26 – bandida “Haydovchilar ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt – yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga, shuningdek ularning kuzatuvidagi, yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishlari uchun yo‘l berishlari shart.“ deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu talablarga qo‘shimcha ravishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida avtomobil’ yo‘llarining ayrim qismlarida, yo‘lning holatidan kelib chiqib maxsus avtomobillar yordamida yo‘l to‘liq yoki qisman yopilgan holatda kuzatuv amalga oshiriladi. Bundan tashqari, xavfsizlik nuqtai nazaridan kuzatuvda ketayotgan avtobuslarning tashkiliy jamlanmasi orasida harakatlanish ta’qiqlanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda YPX inspektorlarining bu harakatlari qonun va qoidalar talablariga zid emasligini bildiramiz, deyiladi xabarda.