“O‘zbekneftgaz” AJ “2017-2021 yillarda uglevodorod xom-ashyosi qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish Dasturi doirasida 3 ta siquv kompressor statsiyasini qurish ishlari bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “O‘zbekneftgaz” axborot xizmati

“Enter Engineering” kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda “Alan”, “Zevarda”, “Dengizko‘l” konlarida 3 ta siquv kompressor stansiyalarini qurish (DKS) va ishga tushirish bo‘yicha amalda ishlar boshlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” ikki tomonlama bajarilayotgan va bajarilishi rejalashtirilgan qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish, “Yo‘l xatirasi”da belgilangan ishlarning borishi va berilgan topshiriqlar bo‘yicha amalda qilingan chora-tadbirlar natijasini o‘rganish maqsadida konlarga tashrif buyurdi.

“Alan”, “Zevarda”, “Dengizko‘l” konlarida vaxtada ishlovchi oddiy-ishchi xodimlarning yashash va ishlash sharoitlari ham o‘rganildi. Ularga barcha sharoitlar yaratib berilishi kerakligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida vaxtada mehnat qilayotgan ishchilar yaratib berilgan mavjud sharoit uchun avvalo Davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirishdi va O‘zbekistonning neft va gaz sohasiga hissa qo‘shayotganliklaridan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Ta’kidlash kerakki, Siquv kompressor stansiyalarini qurishda zamonaviy “Baker Hughes General Electric” (AQSh) kompaniyacining gazturbina uskunalari va kompressorlaridan, shuningdek “Motorsich” (Ukraina), “Akcelik” (Turkiya), “Denair Energy” (Xitoy) kompaniyalarining uskunalari foydalaniladi.
Kunlik 9,1 mln.kub.m quvvatiga ega bo‘lgan “Alan” konidagi siquv kompressor stansiyasi bo‘yicha loyihalash ishlari 33,27% bajarildi, uskunalarni yetkazib berish 4,83% bajarildi, qurilish ishlari boshlanishi avgust oyida rejalashtirilgan.

Kunlik 9,5 mln.kub.m quvvatiga ega bo‘lgan “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasi bo‘yicha loyihalash ishlari 20,7% bajarildi, uskunalarni yetkazib berish 5,15% bajarildi, qurilish ishlari 1,25% bajarildi, jumladan fundament ishlari olib borilmoqda.

Kunlik 6,5 mln.kub.m quvvatiga ega bo‘lgan “Dengizko‘l” konidagi siquv kompressor stansiyasi bo‘yicha loyihalash ishlari 19,19% bajarildi, uskunalarni yetkazib berish 4,57% bajarildi, qurilish ishlari boshlanishi sentyabr oyida rejalashtirilgan.

Ushbu obyektlarni ishga tushirilishi tabiiy gazni qazib chiqarish hajmini sezilarli darajada ko‘payishiga va O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot tarmoqlari va aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlashga qaratilgan, deyiladi xabarda.