Apple korporatsiyasi 22-iyun kuni – WWDC 2020 tadbiri doirasida iOS 14 operatsion tizim talqini taqdim etgan. Mazkur tizimigacha yangilanadigan “ayfonlar” ro‘yxatini ham allaqachon e’lon qilingan.

Foto: Ferra

iAppleBytes nomli YouTube-kanal mualliflari iOS 14 operatsion tizim talqinining ayfon avtonomligiga qanchalik ta’sir etganini tekshirib ko‘rishdi. Buning uchun iPhone SE 2020 (yoki iPhone SE 2) hamda iPhone 11 rusumli ikkita smartfon ustida tajriba o‘tkazib ko‘rishdi.

Test davomida har ikkala ayfonga dastlab joriy iOS 13.5.1 tizimini, keyin esa dasturchilar uchun chiqarilgan iOS 14 beta 1 tizimini o‘rnatib, sinovdan o‘tkazishdi. Ularning akkumulyatorlarini 100 foizga to‘ldirib, ekran yorqinligini 25 foizga to‘g‘rilab va yorqinlikning avtomatik to‘g‘rilanishini o‘chirib qo‘yib, smartfonlarda Geekbench ilovasini ishga tushirishdi.

2020-yilgi iPhone SE modeli iOS 14 beta 1 tizimida ishlaganida ham, iOS 13.5.1 tizimida bo‘lganida ham bir xil avtonomlik namoyon etdi – 4 soatu 12 daqiqa. iPhone 11 avtonomligi esa yangi tizimda 6 soatu 40 daqiqaga yetdi, ya’ni 13-talqindagi operatsion tizimdagi holatidan 36 daqiqa ortiq ishladi.

Mazkur testda Geekbench servisi smartfonlarning shu ikki operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlaganidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini ham ko‘rsatgan. Unga ko‘ra, iPhone SE 2020 qurilmasi iOS 14 beta 1 hamda iOS 13.5.1 tizimlarida tegishlicha 2512 hamda 2506 ball olgan. iPhone 11 esa yangi beta-talqinda 3988 ball, eskisida bo‘lsa 3630 ball to‘plagan.