Foto: Darakchi

Ushbu mobil ilovani yaratishdan ko’zlangan maqsad – sportchi, trener va vazir o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri onlayn muloqotni yo’lga qo’yish hamda mavjud muammo va kamchiliklarni o’z vaqtida, tezkorlik bilan hal qilishdan iborat.

Tokio 2020 mobil ilovasiga dastlabki bosqichda Tokio – 2020 olimpiada o’yinlariga lisenziyalarni qo’lga kiritgan hamda olimpiada yo’llanmalarini qo’lga kiritish imkoniyati yuqori bo’lgan sportchilar va ularning trenerlari ulanishlari mumkin. Ular 24/7 rejimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Hamidullaevich Nabiev hamda O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi prezidenti Rustam Mavzurovich Shoabduraxmonovga o’zlarini qiynayotgan savol, muammo yoki takliflar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

Yana bir jihatga e’tibor qaratish kerak, u yoki bu sportchi tomonidan yo’llangan savol, taklif, murojaat yoki shikoyatni bir vaqtda o’sha sportchining o’zi bilan birga Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda MOQ prezidenti, ya’ni faqat uch kishigina ko’rishi mumkin. Mobil ilovani yuklab olgan va ulangan boshqa sportchi, trener yoki sport federasiyasining rahbari o’zga shaxsning shikoyatini ko’rolmaydi. Mobil ilovada axborotning to’la maxfiyligi ta’minlangan bo’lib, bu korrupsion holatlarning oldini olishda ham muhim o`rin tutadi, deyiladi xabarda.