BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Sardoba tumani hokimiyatiga Sirdaryo viloyatidagi to‘g‘onning buzilishi bilan yuzaga kelgan muammolarni yumshatish uchun insonparvarlik yordamini yubordi.

Foto: Vakolatxona matbuot xizmati

Vakolatxona matbuot xizmatining xabar berishicha, gumanitar yordamga bir marta ishlatiladigan niqoblar va qo‘lqoplar, shaxsiy gigiyena vositalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, antiseptiklar hamda boshqa zarur buyumlar kiradi.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi (GMMI) tomonidan 30 ming AQSh dollari miqdorida yordam mablag‘lari ajratildi.

“Ofat natijasida aholi yo‘qotgan buyumlariga qo‘shimcha ravishda, biz ularni COVID-19 tarqalishini to‘xtatish uchun shaxsiy himoya vositalari bilan ham ta’minladik. Ayni paytda uylaridan mahrum bo‘lgan o‘n minglab odamlar, hech kimni chetda qoldirmaydigan uzoq muddatli, xavfsiz va munosib yechimga muhtojlar”, — deydi Helena Freyzer, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori.

Ma’lumot uchun, GMMI BMT Kotibiyatining bir qismi bo‘lib, favqulodda vaziyatlarda harakatlarni ta’minlash uchun gumanitar tashkilotlarni birlashtirish uchun javobgardir.