Rafinadlangan kungaboqar yog‘i sog‘lik uchun xavfli bo‘lishi, saratonni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda xirurg-onkolog Ivan Karasev Instagram’da ma’lum qildi.

Foto: Google

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu mahsulot rafinadlash jarayonida kimyoviy moddalar, masalan, benzin va geksan bilan ishlov beriladi. Yog‘ni ulardan to‘liq tozalashning iloji bo‘lmagani bois taomga tushadi. Shuningdek, qovurish vaqtida yog‘ tarkibi butunlay o‘zgarib ketadi, kanserogen moddalar hosil bo‘ladi. Ovqat pishirish jarayonida ular oziq-ovqat mahsulotlariga so‘riladi. Shu bois ular deyarli har kuni odam organizmiga tushadi.

Rafinadlangan kungaboqar yog‘i tarkibida juda ko‘p miqdorda transyog‘lar mavjud. Ular tanada to‘planib, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Shifokorning aytishicha, oilasi allaqachon bunday yog‘dan bosh tortib, o‘rniga zaytun yog‘idan foydalanishadi. Zaytun yog‘i tarkibida antioksidantlar ko‘p bo‘lib, kasallikning boshlang‘ich bosqichlarida saraton hujayralari hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.