Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida M.N., mazkur o‘simlikni tog‘asi 59 yoshli M.Q., dan sotib olganligini ma’lum qilgan.

Foto: Tergov departamenti axborot xizmati

2020-yil 23-iyun kuni soat 21:30 da Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Sarbozor MFY hududida joylashgan “Mingchinor” choyxonasida IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qora dori-2020” tadbiri jarayonida 27 yoshli M.N., uch dona polietilen paketga solingan yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli, quritilgan xoldagi o‘simlikni 4 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan 4 mln. so‘m pul hamda uch dona polietilen paketdagi o‘simliklar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida M.N., mazkur o‘simlikni tog‘asi 59 yoshli M.Q., dan sotib olganligini ma’lum qilgan.

Ushbu olingan ma’lumotga asosan IIB xodimlari tomonidan fuqaro M.Q., ning xonadoni ko‘zdan kechirilganida uyning yuvinish xonasidan uch dona poliyetilen paketga solingan yashil rangli o‘ziga xos o‘tkir hidli, quritilgan holdagi o‘simliklar topilib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasida, M.N., dan olingan o‘simlik moddalari “opiy” guruhiga mansub bo‘lgan vazni 1792 grammni tashkil qilgan “ko‘knor somoni” ekanligi M.Q., ning xonadonidan olingan o‘simlik moddalari “opiy” guruhiga mansub bo‘lgan vazni 1938 grammni tashkil qilgan “ko‘knor somoni” ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.N. va M.Q., larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi IIV huzuridagi Tergov departamenti bergan xabarida.