Yuqori darajadagi radiatsiya va galaktik nurlanish tufayli insoniyat Oy va Marsda yashay olmaydi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Biotibbiy muammolar institutining kosmik parvozlar radiatsion xavfsizligi boʻlimi boshligʻi Vyacheslav Shurshakov maʼlum qildi.

Foto: Flickr

“Quyosh tizimidagi nurlanish nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, Yerdan tashqari insoniyat hayoti uchun qulay joyga ega boʻlgan boshqa hudud yoʻq. Yer bizning kosmik kemamiz, bizda quyosh hamda galaktik nurlanishdan himoya qilish uchun atmosfera va magnit maydon mavjud”, – deya izohlaydi olim oʻz soʻzlarini.

Shurshakovning taʼkidlashicha, Oydagi nurlanish miqdori Yerdagi dozadan 400 baravar koʻp. Marsdagi nurlanish dozasi esa Oyga nisbatan 1,5 baravar kam, ammo Marsda va Oyda inson salomatligiga salbiy taʼsir qiluvchi galaktik kosmik nurlanish mavjud.

Kashf etilgan ekzoplanetlar (Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyoralar) haqida gapirganda, birinchi navbatda magnit maydonni izlash kerakligini aytayotgan Shurshakovning qoʻshimcha qilishicha, magnitosfera himoya qalqonini yaratadi va agar u yoʻq boʻlsa, atmosfera ekzoplanetadan yaqin joylashgan yulduz tomonidan tirik organizmlar uchun xavfli boʻlgan barcha salbiy oqibatlarga olib keladi.