Avvalroq, O’zbekistonda yetishtirilgan yeryong’oqlar ilk bor Xitoyga eksport qilingani haqida xabar qilgan edik. Xitoyning 500 milliondan ziyod obunachisiga ega “Weibo” ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekistonda yetishtirilgan yeryong‘oqlarning Xitoyga importi boshlangani haqidagi axborot materiali xitoy tilida e’lon qilindi.

Foto: Google

Unda O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan mamlakatimiz eksportchilarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etiladi. Hayotga tatbiq etilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida O‘zbekistondan dunyo mamlakatlariga eksport qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari turi va geografiyasi kengayib borayotgani alohida ta’kidlanadi.

“O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan eksportyorlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin aloqa o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi tamoyillar haqida aniq va ishonchli ma’lumotlardan xabardor bo‘lish imkonini bermoqda”, – deb yozadi Weibo.

Axborot materialida joriy yilning may oyidan Xitoy bozoriga O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan yeryong‘oq eksportini boshlagan «Global Export Company» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli misollardan biri sifatida keltiriladi. O‘quvchilar e’tibori Xitoyning yirik distribyuterlik kompaniyasi bilan imzolangan 1 million AQSh dollari miqdoriga teng shartnoma doirasida mahsulotlar yetkazib berilayotganiga qaratilgan.

Shu bilan birga, ushbu mavzuga bag‘ishlangan xabar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar o‘quvchilarini zamonaviy Xitoy hamda uning hamkorlari haqidagi muhim va ishonchli axborotlar bilan tanishtirib kelayotgan “Kitay” jurnali veb-sahifasida ham e’lon qilindi.

Unda Xitoy Xalq Respublikasi jahondagi yeryong‘oq yetishtiradigan nafaqat yirik ishlab chiqaruvchi, balki yirik iste’molchi ekani aytiladi.

“Masalan, 2019-yilda Xitoyning tozalangan yeryong‘oq importi hajmi 405 ming tonnani tashkil qildi. Bu 285 million AQSh dollari miqdorida baholandi. Afrika qit’asidagi Senegal, Efiopiya, Sudan, shuningdek, Hindiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu mahsulotni yetkazib bergan asosiy mamlakatlar bo‘ldi. Endilikda Xitoyga yeryong‘oq yetkazib beradigan eksportchi davlatlar soni O‘zbekiston hisobiga yana bittaga ortdi”, – deb yozadi nashr.

Maqola muallifi o‘z mushtariylarini mavzu tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etar ekan, bu O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida 2019-yil noyabr oyida “O‘zdavkarantin” bilan XXR Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida erishilgan kelishuv natijasi ekanini qayd etadi.

Xabarda, shuningdek, Pekindagi diplomatik vakolatxonamizning faol ko‘magida Xitoyga yetkazib beriladigan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha majmuaviy ishlar olib borilayotgani, ular natijasi o‘laroq Xitoy bozoriga 14 turdagi mahsulot eksportini ko‘zda tutadigan fitosanitariya talablari bo‘yicha idoralararo protokollar imzolangani ma’lum qilingan.