Avval xabar qilganimizdek, joriy yil 24-iyun kunidan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ixtiyoriy murojaat qilgan davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari hamda fuqarolarni koronavirus infeksiyasiga pullik asosda tekshirishga ruxsat berildi.

Foto: Google

Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi rahbari Malika Qudratxo‘jayevaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, shu yilning 25-iyun sanasiga qadar Toshkent shahrida joylashgan “Tibbiyot dunyosi”, “SWISS LAB”, “VITROS DIAGNOSTICS”, “GENOTEXNOLOGIYA” va “AKFA MEDLINE” singari nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘z laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasini pullik asosda tekshirish xizmatini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolashgan.

Ushbu nodavlat tibbiyot muassasalari laboratoriyalarida yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, koronavirus infeksiyasini tekshirish uchun belgilangan talablarga javob berishi to‘g‘risidagi tegishli xulosalar berildi.

Shunga ko‘ra, poytaxtimizda birinchilardan bo‘lib “Tibbiyot dunyosi” MChJ ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini 24-iyundan boshlagan bo‘lsa, qolgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham shu hafta ichida koronavirus infeksiyasini pullik asosda tekshirishni boshlashini ma’lum qilishgan.