Taniqli olim, biofizika fanining O‘zbekistondagi asoschilaridan biri, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi.

Bekjon Toshmuhamedov

Bekjon Toshmuhamedov 1935-yil 27-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1958-yili Moskva davlat universiteti va uning aspiranturasida tahsil oldi. 1962-yili nomzodlik, 1971-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1987-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Mehnat faoliyatini 1962-yili Toshkent davlat universitetida (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, kafedra mudiri, Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika instituti direktori, Respublika Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, Fanlar akademiyasi Prezidiumi Biologiya fanlari bo‘limi raisi, Biokimyo instituti biofizika laboratoriyasi mudiri, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti bosh ilmiy xodimi lavozimlarida samarali xizmat qildi.

B. Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi. Uning biofizika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqola va tadqiqotlari, risola va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida e’tibor qozondi.

Olim hujayra membranasiga ta’sir qiluvchi faol moddalarning tadqiqoti bo‘yicha O‘zbekistonda ilmiy markaz yaratdi. Xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan ushbu markazning biofizika laboratoriyalarida Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Arab mamlakatlari, Polsha va boshqa davlatlardan izlanuvchilar kelib tadqiqot ishlarini amalga oshirdilar.

B. Toshmuhamedov AQSh, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy a’zosi edi.

Jonkuyar olim ko‘plab iste’dodli yoshlarga ustozlik qildi. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi.

Akademik B.Toshmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Bekjon Toshmuhamedovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh. Mirziyoyev, T. Narbayeva, N. Ismoilov,
A. Aripov, B. Yo‘ldoshev