Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi Karantin markazida bo‘ldi.

Foto: Toshkent viloyati IIB axborot xizmati

Mehmonlar karantinda bo‘lib turgan fuqarolarning yashash sharoiti, yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Ma’lumot uchun, mart oyida foydalanishga topshirilgan ushbu majmuaning umumiy maydoni salkam 15 gektarni tashkil etadi va jami 20 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Karantinga olinganlarga 1010 nafar xodim xizmat ko‘rsatmoqda.

Markazda karantinga olinganlar uchun maxsus oshxona tashkil etilgan. Keltirilgan yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari bir martalik idishlarda, sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda yetkazib beriladi. Ovqat bir martalik idishlarda beriladi, bo‘shaganidan keyin zararsizlantiriladi va yoqiladi.

Markaz rahbari Feruz Karimov xalqaro tashkilot vakillariga jo‘natmalar qay tarzda hududga olib kirilishi haqida ma’lumot berdi.

«Karantindagi fuqaroga jo‘natma olib kelinsa, qaysi xonada ekanini bilmasa, qo‘ng‘iroq markazidagi telefondan foydalanib, bilib olishi mumkin. Har bir xonada bittadan uyali aloqa telefoni bor. Ichkarida har bitta blokka bitta rahbar tayinlangan. U o‘sha yerda fuqaroga kerakli narsalar ro‘yxatini tuzib chiqadi va qo‘ng‘iroq markazi orqali bu haqda xabar beradi. Biz so‘ralgan narsalarni ichkariga yetkazib beramiz», – deydi markaz rahbari.

Ekspertlar fuqarolarning yashash sharoiti bilan tanishish maqsadida maxsus kombinezonlarda karantin hududida bo‘ldi. Ichkaridagi vaziyat bilan tinishgach, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Jon MakGregor va boshqa xorijlik rasmiylar karantin hududida tashkil etilgan sharoit haqida o‘z fikrini bildirdi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu markazda hozirgi kunga qadar jami 67 mingga yaqin fuqaro karantinga olingan. Ulardan 2082 nafarida (3,1 foiz) koronavirus infeksiyasi aniqlanib, Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga jo‘natilgan.