Surxondaryo viloyat Denov shahrida vafot etgan bir nafar bemorda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Bu haqda SSV axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: SSV axborot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, Denov shahrida yashagan, 1961-yilda tug‘ilgan marhum bemor B.X. so‘nggi 5 yildan buyon ikki tomonlama o‘pkaning o‘tkir bronxopnevmoniyasi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Shu yilning 19-iyun kuni bemor (ayol) murojaatiga ko‘ra, olingan namunada koronavirus infeksiyasi mavjudligiga gumon qilingan va bemor tez yordam mashinasida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Shifoxonada bemorga “Ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniya. O‘tkir yurak va o‘pka yetishmovchiligi og‘ir darajasi, koronavirus infeksiyasiga gumon” tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, bemorda “O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, surunkali pielonefrit, kamqonlikning o‘rta og‘ir darajasi” yondosh kasalliklar tashxisi ham qo‘yilgan.

Bemorga ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsion muolajalarga qaramasdan u yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan.

Respublika sanitariya-epidemilogik osoyishtaligi agentligining maxsus referens laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, marhumdan olingan namunada koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

U bilan muloqotda bo‘lgan oila a’zolari, yaqinlari va boshqa fuqarolar qat’iy karantinga olingan bo‘lib, ushbu holat yuzasidan epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda.