Foto: Sputnik

Urganch tumanida yashovchi M.A. ismli ayol 2020-yil 24-iyun kuni Xorazm viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zining arizasida, 1998-yilda tug‘ilgan qizining rasmlarini qo‘lga kiritgan, Urganch tumanida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.R. ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu rasmlarni tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, shu paytgacha 9,600 000 so‘m miqdorida pul va qimmatbaho uyali telefonini olgan bo‘lsada, yana 15,860 000 so‘m miqdoridagi pulni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilayotganligini ma’lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur murojaatni o‘rganish uchun Xorazm viloyati IIB JQB Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Sh.R. talab qilingan summadagi pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Xorazm viloyat IIB xabariga ko’ra, ushbu shaxsga nisbatan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.