2020-2021 yangi o‘quv yilidan boshlab respublikamiz bo‘yicha 65 ta akademik litseylar, 339 ta kasb-hunar maktablar, 211 ta kollej hamda 176 ta texnikumlarda qabul jarayonlari tashkil etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Akademik litsey va kasb-hunar maktablariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinib, 2 yillik kunduzgi ta’lim shakli asosida o‘qitiladi.

Kollejlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. O‘qish 2 yilgacha bo‘lgan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Texnikumlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. O‘qish 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda ta’lim rus va o‘zbek tillarida olib boriladi.